MUNDARIJA
- Umumiy qoidalar
- Institutning asosiy vazifalari
- O’quv-tarbiyaviy hamda ilmiy-metodik ishlarning subye’ktlari, ularning huquq va majburiyatlari
- O’quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlar
- Institutni boshqarish
- Moliya-xo’jalik faoliyati va moddiy-texnik bazasi
- Xalqaro hamkorlik
- Yakuniy qoidalar
- 1. Umumiy qoidalar
1.1 “Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti” mas’uliyati cheklangan jamiyati (keyingi o‘rinlarda institut deb yuritiladi) nodavlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tashkiliy tuzilmalari qatoriga kiradi.
1.2. Institut nodavlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, oliy ta’limning asosiy ta’lim “Dastur”larini bajarish bo‘yicha ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanadi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq o‘quv-pedagogik va ilmiy-metodik, shuningdek, shu sohaga tegishli boshqa faoliyatlarni amalga oshiradi hamda ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadi.
1.3. Institut o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining normativ-huquqiy hujjatlari hamda mazkur “Nizom”ga amal qiladi.
1.4. Institut yuridik shaxs maqomiga ega. Operativ boshqaruvida o‘ziga xos maxsus mol-mulk bo‘yicha o‘z majburiyatlariga muvofiq javob beradi, o‘z nomidan mol-mulk sotib olishi va mulkiy hamda nomulkiy huquqlarni amalga oshirishi, zimmasiga majburiyat olishi, shuningdek, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Mustaqil balansga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa, shu jumladan, valyuta bo‘yicha hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtamplar va boshqa rekvizitlarga ega.
1.5. Institut Buxoro viloyat, Kogon tumani, B.Naqshband MFY Abay ko‘chasi 16-uyda joylashgan.
1.6. Institutning o‘zbek tilida to‘liq nomlanishi: “Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti”, qisqartirilgan nomlanishi – BuxPXTI.
Institutning rus tilida to‘liq nomlanishi: “Buxarskiy institut psixologi i inostrannыx yazыkov”, qisqartirilgan nomlanishi – BuxIPIYa.
Institutning ingliz tilida to‘liq nomlanishi: “Bukhara institute of Psychology and Foreign Languages”, qisqartirilgan nomlanishi – BukhIPFL.
- 2. Institutning asosiy vazifalari
2.1 Yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatli, mustaqil fikrlashga qodir bo‘lgan, hozirgi zamon bozor sharoitlarida ishni tashkil etishning ilg‘or usullari va shakllarini egallab olgan yuqori ma’lumotli, malakali kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
– kadrlar tayyorlash milliy dasturida mo‘ljallangan vazifalar bajarilishini ta’minlash;
– mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvorliklariga muvofiq kadrlar tayyorlashning mavjud va istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha korxonalar va tashkilotlar, shuningdek fuqarolar tomonidan ta’lim xizmatlariga bo‘lgan talabni o‘rganish va uning qondirilishini ta’minlash;
– o‘quv-tarbiya jarayonida o‘qitishning ilg‘or shakllarini, shu jumladan masofadan turib o‘qitish, yangi pedagogik va axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish;
– uzluksiz ta’lim tizimi uchun yangi avlod o‘quv adabiyoti yaratish kontseptsiyasi talablariga muvofiq darsliklar va o‘quv-metodik adabiyotlar yaratilishi, tarjima qilinishi va nashr etilishini tashkil etish;
– pedagog kadrlar va mutaxassislar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil etish va takomillashtirish;
– ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish va tadqiqotlarning natijalarini amaliyotga keng joriy etish, oliy ta’lim, fan va ishlab chiqarishning mustahkam o‘zaro hamkorligini ta’minlash;
– institutda huquqiy ta’lim va tarbiyaga, mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish, korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini hisobga olgan holda ta’lim dasturini muntazam takomillashtirish
– ilmiy salohiyatli pedagog xodimlar va ta’lim oluvchilarning tadqiqotlari, ilmiy izlanishlari, ijodiy faoliyatlari orqali fanni taraqqiy ettirish, olingan natijalardan ta’lim jarayonida foydalanishga erishish;
– istiqbolli ilmiy-pedagogik kadrlarni rivojlangan davlatlarda 2-3 oylik kurslarda o‘zaro hamkorlik bo‘yicha tuzilgan shartnomalar, homiylik va xalqaro tashkilotlar grantlari mablag‘lari hisobidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malakasini oshirish, stajirovka o‘tash va ta’lim olishini tashkillashtirish “Iste’dod” jamg‘armasi orqali mutaxassisligi bo‘yicha yangi bilimlarni egallashga yo‘naltirilgan malaka oshirishlarini tashkil etish, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoniga yetakchi xorijiy mutaxassislarni muntazam ravishda jalb etish;
– jamiyatning axloqiy, madaniy hamda ilmiy qadriyatlarini saqlash va boyitish;
– aholi o‘rtasida ma’rifiy sohada targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, uning ma’naviy-ma’rifiy va madaniy darajasini ko‘tarishga hissa qo‘shish, hamda qonun hujjatlarida ta’qiqlanmagan boshqa vazifalarni amalga oshirish.
- 3. O‘quv-tarbiyaviy hamda ilmiy-metodik ishlarning sub’ektlari, ularning huquq va majburiyatlari.
Talabalar:
3.1. Institut rektorining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilingan shaxs Buxoro psixologiya va xorijiy tillar Institutining talabasi hisoblanadi. Talabaga talabalik guvohnomasi hamda reyting daftarchasi beriladi.
3.2. Institut ta’lim jarayonini O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiradi;
– institutda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud ta’lim shakllari xamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
3.3. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari hamda to‘lov-kontrakt miqdori ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojdan hamda institutning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda insititutning ilmiy kengashi tomonidan belgilanadi;
3.4. Institutga abiturientlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi va qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda institut tomonidan belgilanadi.
Institutga talabalikka, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hamda “Oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida qabul qilinadi.
Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni Institutda tahsil olishni tashkil etish va o‘qish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risida” gi Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
3.5. Institutning talabalari quyidagi huquqlarga ega:
– fan, texnika, zamonaviy texnologiyalar yutuqlariga mos keluvchi bilimlar olish;
– institut axborot-resurs markazida mavjud bo‘lgan kitoblar, davriy nashrlar, elektron ta’lim vositalaridan belgilangan tartibda bepul foydalanish;
– bepul maslahatlar va yo‘l-yo‘riqlar olish;
– auditoriyalardan, ta’lim jarayoniga oid vositalardan o‘rnatilgan tartibda bepul foydalanish;
– ta’lim jarayoni samaradorligi va ta’lim sifatini oshirish yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini, tanqidiy fikrlarini belgilangan tartibda ta’lim muassasasi, dekanat va kafedra rahbariyatiga bildirish va ularning ko‘rib chiqilishini talab qilish;
– institut va fakultet miqyosida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarda ishtirok etish;
– ilmiy tadqiqot ishlarida va ilmiy konferentsiyalarda qatnashish, ularning natijalarini nashr etish va bu haqda axborotlar berish;
– institutda qonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalariga a’zo bo‘lish va ular ishida qatnashish.
Talaba sifatli va yuqori saviyada bilim olishi, tanlagan ixtisosligi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishish uchun zarur bo‘lgan qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
Talaba o‘z huquqlarini suiste’mol qilmasligi, bu huquqlardan o‘zga shaxslar manfaatiga zid maqsadlarda foydalanmasligi shart.
3.6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 36-bandiga muvofiq Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida talabaga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida akademik ta’til berilishi mumkin.
Talabalarga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha akademik ta’til berish “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
3.7. O‘zbekiston Respublikasi qonun xujjatlariga muvofiq institutda o‘qiyotgan vaqti davomida harbiy xizmatga chaqirish muddatini kechiktirish imkoni beriladi.
3.8. Talabalar turar joyiga muhtoj bo‘lgan talabalar institutning talabalar turar joylaridan, sanitariya me’yorlari va qoidalariga javob beradigan joy bilan ta’minlanadi. Talabalar turar joylari uchun to‘lovlar kommunal-maishiy xizmatlar uchun to‘lovlarni inobatga olib, institut tomonidan belgilanadi. Talabalarga institutning talabalar turar joylari maydonidan boshqa maqsadlarda foydalanish (ijaraga berish, boshqa kelishuvlar)ga ruxsat etilmaydi.
Ishlab chiqarishdan ajralgan holda o‘quv shaklida ta’lim olayotgan talabalarga o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida institutning o‘zida, shuningdek, boshqa joylarda ishlashga ruxsat etiladi.
3.9. Institutdan o‘z xohishi, akademik qarzdorligi yoki uzrli sabablarga ko‘ra chetlashtirilgan talaba O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida qayta o‘qishga tiklanish huquqiga ega.
Barcha o‘quv shakllari bo‘yicha talabalar safiga qayta tiklash to‘lov- kontrakt asosida “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini qayta tiklash (keyingi o‘rinlarda Talabalar o‘qishini qayta tiklash deb ataladi) bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish bir yilda ikki marta amalga oshiriladi:
o‘qishini kuzgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar;
o‘qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish
— har yili 15 yanvardan 5 fevralga qadar davom etadi. Qayta tiklash bo‘yicha arizalarni institut tomonidan ko‘rib chiqib qaror qabul qilinadi.
Talabalar safidan chetlashtirilgan fuqarolar o‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasasiga mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi)ga ko‘chirib tiklash to‘g‘risida ariza berish huquqiga ega. Bunda ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi roziligi talab etilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’lim faoliyatini olib borish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan nodavlat oliy ta’lim muassasalari va boshqa mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarining filiallari (markazlar, bo‘limlar, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalar)dan talabalarni Institutga o‘qishini ko‘chirish (o‘qishga tiklash) mumkin.
3.10. Institut talabalari oliy ta’limning ta’lim dasturlari va o‘quv rejasida nazarda tutilgan bilimlarni egallashlari, topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarishlari zarur hamda institutning Nizomiga, Ichki tartib-qoidalari va Talabalar turar joylari qoidalariga rioya etishlari shart.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, talabalarni o‘qish vaqti hisobidan ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish man etiladi.
3.11. Ushbu Nizom va institutning Ichki tartib-qoidalarida nazarda tutilgan majburiyatlarni buzganda talabaga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari ko‘riladi: “xayfsan“ hamda talabalar safidan chetlatish.
Talaba institutdan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:
- a) o‘z xohishiga binoan;
- b) o‘qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati
bilan;
- v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
- g) o‘quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib- qoidalarini buzganligi uchun;
- d) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
- e) o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);
- j) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
- z) vafot etganligi sababli.
3.12. Belgilangan muddatlarda fanlarni o‘zlashtira olmagan (akademik qarzdor bo‘lgan) talaba oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i bilan kursdan-kursga qoldiriladi.
Akademik qarzdorligi tufayli kursdan qoldirilgan talaba to‘lov- kontrakt asosida o‘qishini quyi kursdagi o‘quv semestri boshidan boshlashi mumkin.
3.13. Intizomiy jazoga tortilgan talaba o‘ziga qo‘llanilgan jazo chorasining qonuniyligi va adolatliligi yuzasidan qonun xujjatlarida belgilangan tartibda norozilik bildirishi mumkin.
Talabaga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazo yuzasidan ma’lumot uning shaxsiy yig‘ma jildida saqlanadi.
3.14. Intizomiy jazolar talabalarning kasallik yoki ta’tilda bo‘lgan vaqti hisobga olinmagan holda xatti-harakat aniqlangandan so‘ng bir oydan va xatti-harakat sodir etilganidan so‘ng olti oydan kechiktirilmay qo‘llaniladi. Talabalar kasallik paytida, akademik ta’til yoki homiladorlik va tug‘ish holati bilan bog‘liq bo‘lgan ta’til paytlarda talabalar safidan chetlashtirish mumkin emas.
Kasallik payti talaba (yoki uning ota-onasi) ariza va tegishli ma’lumotnomalar bilan, odatda, bir haftadan kechiktirilmasdan institut ma’muriyatga ma’lum qiladi.
3.15. Institutda ta’limning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi o‘quv shakllarida muvaffaqiyatli o‘qiyotgan talabalarga ularning ish joyidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan imtiyozlar (maosh saqlangan yoki saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’til, institut joylashgan manzilga borish va kelish uchun yo‘l haqi va boshqalar) beriladi.
Institutning professor-o‘qituvchilari tarkibi, o‘quv-yordamchi va ma’muriy-xo‘jalik xodimlari (personali):
3.16. Institutda professor-o‘qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar, muhandislik – texnika, ma’muriy – xo‘jalik, ishlab chiqarish, o‘quv – yordamchi va boshqa xizmatchilar lavozimlari mavjud.
3.17. Professor-o‘qituvchilar tarkibiga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta o‘qituvchi, o‘qituvchi, assistent va o‘qituvchi-stajor lavozimlari kiradi.
3.18. Professor-o‘qituvchilar tarkibidagi lavozimlarni egallash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10 fevraldagi 20-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy talim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq tanlov asosida mehnat shartnomasi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Institutning prorektori, fakultet dekani, sirtqi bo‘limi boshlig‘i, magistratura bo‘limi boshlig‘i, bosh buxgalter hamda bosh buxgalter o‘rinbosari-auditor institut rektorining buyrug‘i bilan tayinlanadi.
3.19. Institutning professor-o‘qituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
belgilangan tartibda institut va fakultet Kengashlariga saylash va saylanish;
Institutning faoliyatiga taalluqli masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
Institutning axborot-resurs markazi, o‘quv va ilmiy bo‘linmalarning xizmatlaridan, shuningdek, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va boshqa bo‘limlar xizmatidan jamoa shartnomasiga muvofiq foydalanish;
o‘qitishning usul va vositalarini tanlash, o‘quv va ilmiy jarayonning yuqori sifatini ta’minlovchi ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
Institut ma’muriyatining buyruq va farmoyishlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda ish yuritish;
qonunchilikda belgilangan tartibda tanlovlarda qatnashish, lavozimlarni egallash;
o‘zlari ishlayotgan kafedra, fakultetdan tashqari boshqa fakultet, kafedra, tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida ishlash (asosiy ish joyi bilan kelishilgan holda);
xorijiy hamkasblarning sohaga doir ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlari bilan tanishish va ular bilan fikr almashish;
o‘z fani bo‘yicha sifatli darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash; nazariy bilimlarini amaliy tajribasini, ilmiy tadqiqot olib
borish uslubini, pedagogik mahoratini takomillashtirib borish;
talabalarning ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
milliy va xalqaro grantlar, ilmiy loyihalar, xo‘jalik shartnomalarida ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasiga oid qonunchiligida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
3.20. Institutning professor-o‘qituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat va texnologiya intizomi, institut Nizomi, Ichki mehnat tartibi qoidalariga qat’iy rioya qilish;
o‘zining xizmat vazifalarini vijdonan bajarish va o‘qituvchilik sha’niga dog‘ tushirmaslik;
ish jarayonida muloqot qiladigan muassasa xodimlari, talabalari va boshqa shaxslar bilan hushfe’l munosabatda bo‘lish;
ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini bajarish, har yili tasdiqlanadigan shaxsiy reja asosida o‘quv-uslubiy, ilmiy va ma’naviy- ma’rifiy ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, xususan:
- a) o‘quv yuklamalari hajmini, o‘quv-uslubiy, ilmiy o‘quv-tashkiliy ishlarni tasdiqlangan shaxsiy reja asosida bajarish va ma’naviy- ma’rifiy ishlarda ishtirok etish;
- b) darslik, o‘quv qo‘llanma tayyorlash, o‘quv adabiyotlar, ilmiy maqolalar, monografiyalar yozish;
- v) tarbiyaviy ishlarni olib borish, talabalar bilan ma’naviy- ma’rifiy ishlarda bevosita ishtirok etish, shu jumladan darsdan tashqari vaqtlarda o‘tkaziladigan tadbirlarda qatnashish;
- d) Institut Kengashi tomonidan tasdiqlangan kafedra ilmiy jarayonlarida ishtirok etish;
- e) o‘z malakasini muntazam ravishda oshirish;
mehnatni muhofaza qilish xavfsizlik texnikasi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalariga rioya qilish;
Institutning mol-mulkini avaylash, undan oqilona foydalanish;
ish beruvchiga bevosita yetkazilgan xaqiqiy moddiy zararni qoplash; muassasa jamoatchilik ishlarida qatnashish;
pedagogik va ilmiy jarayonning samaradorligini ta’minlash; zamonaviy sivilizatsiya va demokratiya sharoitida ta’lim oluvchilarning tanlagan yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha yuksak kasbiy tayyorgarlikni, mehnatga bo‘lgan qobiliyatni shakllantirish;
chet tili va axborot texnologiyalaridan savodxonligini oshirib borish;
ta’lim oluvchilarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyatni shakllantirish;
“Ustoz-shogird” tizimida ishtirok etib, o‘ziga biriktirilgan shogirdlar bilan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;
o‘zining odobi, madaniyati, ma’naviy saviyasi bilan o‘rnak bo‘lish;
kiyinish madaniyatiga rioya etish;
Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va jahonda ro‘y berayotgan yangiliklardan xabardor bo‘lish;
Institut, fakultet, kafedra tomonidan tashkil etiladigan madaniy, ma’naviy, ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish;
o‘zi o‘qitadigan fan dasturini muntazam fan va texnika yutuqlari asosida boyitib borish;
darslarni yuqori saviyada o‘tish;
fan yo‘nalishiga tegishli yangi manbalarni topish va ular bilan talabalarni tanishtirib borish;
har o‘quv yili boshlangunga qadar o‘zi o‘qitadigan fan(lar)ning ishchi o‘quv dasturi, kalendar rejasi va reyting nazoratlari jadvalini ishlab chiqish va kafedra majlisida tasdiqlatish;
reyting tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish;
talabalar bilimini xolisona baholash;
yangi pedagogik texnologiyalarni dars jarayonida qo‘llash; ilmiy salohiyat va pedagogik mahoratini oshirish;
talabalar ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashish;
3.21. Institutning ma’muriy-xo‘jalik, muhandislik-texnika, o‘quv-yordamchi va boshqa xizmat xodimlarining huquq va majburiyatlari institutning Ichki tartib-qoidalari va lavozim yo‘riqnomalari bilan belgilanadi.
- 4. O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlar
4.1. Institut quyidagi yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning asosiy ta’lim dasturlari, qo‘shimcha ta’lim (kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ning dasturlarini amalga oshiradi.
4.2. Institut ta’limning asosiy ta’lim dasturlarini ikki bosqichda amalga oshiradi: bakalavriat va magistratura.
Bakalavriat – kunduzgi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, o‘qish muddati 4 yildan kam bo‘lmagan tayanch oliy ta’limdir.
Bakalavriat – maxsus sirtqi o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga hamda kamida uch yil pedagogik amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, maktabgacha, maktab va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari ehtiyojlari asosida tasarrufida ushbu ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirliklar va idoralar tomonidan beriladigan tavsiyanoma asosida bilimlar beruvchi o‘qish muddati 3 yildan kam bo‘lmagan tayanch oliy ta’limdir.
Bakalavriat – sirtqi ikkinchi va undan keyingi oliy ma’lumot olish bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-kursidan (o‘quv rejalardagi fanlar farqidan qat’i nazar) o‘qishga qabul qilinuvchi hamda o‘qish muddati 3 yildan kam bo‘lmagan tayanch oliy ta’limdir.
Bakalavr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha “bakalavr” darajasi beriladi hamda davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Magistratura – yo‘nalishning muayyan mutaxassisligi bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, bakalavriat negizida, o‘qish muddati 2 yildan kam bo‘lmagan oliy ta’limdir.
Magistr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha tayyorlangan muayyan mutaxassislik bo‘yicha “magistr” darajasi beriladi va davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Bakalavr va magistrlik davlat namunasidagi diplom uning egalariga kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish yoki tanlangan ta’lim yo‘nalishiga va mutaxassisligiga muvofiq ta’lim muassasalarining navbatdagi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish huquqini beradi.
Oliy ta’limning turli bosqichida asosiy ta’lim dasturlari bo‘yicha dastlabki ta’lim olish, ikkinchi oliy ta’lim olish sifatida qaralmaydi.
4.3. Institutda ta’lim jarayonini tashkil etish, tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladigan va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fanlarning dasturlari, muassasa rektori (o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor) tomonidan tasdiqlangan yillik kalendar o‘quv jadvali hamda mashg‘ulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.
Ta’lim jarayonini maqsadli yo‘naltirish yo‘li bilan tashkil etish, ya’ni ta’lim shakllari, uslub va vositalarni tanlash yo‘li bilan oliy ta’lim muassasasi talabalariga oliy ta’limning asosiy kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish uchun zaruriy sharoitlarini yaratib berilishi lozim.
Ta’lim-tarbiya jarayonining birligi davlat ta’lim standartlari bilan ta’minlanadi. Institutning ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar fanlari kafedralari, ma’naviy-ma’rifiy va sport bo‘g‘inlariga, talabalar va boshqa jamoatchilik tashkilotlariga, rahbarlik qilish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha prorektor tomonidan amalga oshiriladi.
4.4. Institutda o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi asosiy turlari belgilangan: ma’ruza, konsultatsiya, seminar, amaliy mashg‘ulot, laboratoriya ishi, nazorat ishi, kollokvium, mustaqil ish, amaliyot, kurs loyihasi (kurs ishi), bakalavrlik bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiyasi, kredit modul.
Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turlari uchun 45 (yoki 40 minutlik tanaffussiz qo‘shma ma’ruza) daqiqalik akademik soat belgilangan. O‘quv mashg‘ulotlari orasidagi tanaffus kamida 10 daqiqa bo‘ladi.
Ta’lim-tarbiya olib boriladigan tillar:
O‘zbek, ingliz hamda rus tillari hisoblanadi.
4.5. Institutda kadrlar tayyorlash ishlab chiqarishdan ajralgan holda olib boriladi.
Oliy ta’limning asosiy kasbiy ta’lim dasturi doirasida ta’lim olishning barcha shakllari uchun o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va “Uzstandart” agentligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan davlat ta’lim standarti qo‘llaniladi.
4.6. Institutda o‘quv yili ikki semestrga bo‘linadi va uning xar birida talabalarning o‘zlashtirishi kredit modul shaklida olib boriladi.
O‘zlashtiruvchi talabalarni kursdan kursga o‘tkazish fakultet dekanining tavsiyasiga binoan rektor buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Talabalarni kursdan kursga shartli o‘tkazish mumkin emas.
Institutning ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan va Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq tartibga solinadi, “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi Nizom”ga asosan bitiruvchilarning yakuniy attestatsiyasi bilan tugallanadi.
4.7. Institutda ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, ta’limni individuallashtirish va mustaqil ta’lim olish vositalarini, modul tizimi hamda masofaviy ta’lim berishni qo‘llash hisobiga mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy-uslubiy ishlar amalga oshiriladi.
- 5. Institutni boshqarish
5.1. Institutni boshqarish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda ushbu Nizomga muvofiq yakka rahbarlik va institut kengashi, Vasiylar kengashi orqali jamoatchilik boshqaruvini uyg‘unlashtirish tamoyili asosida amalga oshiriladi.
5.2. Institutni bevosita boshqarish – O‘zbekiston Respublikasi qonunlari asosida MCHJ ta‘sischisi buyrug’i bilan tayinlanadigan rektor tomonidan amalga oshiriladi.
5.3. Rektor Institut faoliyatiga, shuningdek, institutning Ichki tartib qoidalari, “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi Nizom hamda mazkur Ustavda belgilangan majburiyatlar uchun to‘la mas’uldir.
5.4. Rektor O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq institut nomidan ish olib boradi, barcha idoralar, muassasalar, korxonalarda uning vakili sifatida qatnashadi, institutning mol-mulkiga mas’ullik qiladi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi, bank muassasalarida hisob raqamlarini ochadi, moliyaviy mablag‘lardan o‘rnatilgan tartibda foydalanish bo‘yicha farmoyishlar beradi.
5.5. Rektor oliy ta’lim muassasasining vakolati doirasida:
– Institutning barcha xodimlari, talabalari va boshqa ta’lim olayotganlar uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va topshiriqlar beradi;
– Institut xodimlari va xizmatchilarini, shuningdek, ilmiy-pedagogik xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ishga olish va bo‘shatishni amalga oshiradi;
– institut tarkibiga kirgan ilmiy tadqiqot, tajriba- eksperimental, bosmaxona va uning tarkibidagi o‘quv-qurollari savdo majmuasi, oshxona, psixologik xizmat ko‘rsatish markazi, xorijiy tillar markazi hamda boshqa tashkilot va bo‘linmalarning vazifalarini belgilaydi va ular to‘g‘risidagi Nizomlarni tasdiqlaydi;
– Institut xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik ustamalar va qo‘shimchalarni belgilaydi;
– kasaba uyushma qo‘mitasi yoki institutning boshqa vakolatli organi bilan kelishgan holda Ichki tartib qoidalarini tasdiqlaydi;
– Institutning amaldagi qonun xujjatlari yoki Vazirlikning normativ-huquqiy hujjatlari buzilgan holda chiqarilgan buyruqlarini bekor qiladi;
– Institutda Namunaviy shtat birliklariga muvofiq ajratilgan mablag‘lar hamda ish haqi fondi, tasdiqlangan institut xodimlarining soni va lavozim maoshlari, tarif setkasi doirasida institut professor – o‘qituvchilari tarkibi va institut xodimlarining shtat birligini tasdiqlaydi hamda lavozim maoshlarini belgilaydi;
– Institut Kengashining tavsiyasiga ko‘ra o‘rnatilgan tartibda tegishli normativ-huquqiy xujjatlarga muvofiq fakultetlarni, kafedralarni ochish yoki yopish qarorlarini tasdiqlaydi.
“Oliy ta’lim muassasasining kafedrasi to‘g‘risida”gi Nizom talablaridan kelib chiqqan holda Institut Kengashining tavsiyasiga ko‘ra kafedralar tashkil etiladi yoki tugatiladi.
5.6. “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq institut faoliyatining asosiy masalalarini ko‘rish uchun Kengash tashkil etiladi.
5.7. Kengash tarkibiga rektor kiradi va u Kengash raisi hisoblanadi, prorektorlar, fakultetlar dekanlari hamda mutaxassislar tayyorlovchi kafedralar mudirlari, shuningdek, talabalar va institut xodimlari kasaba uyushmasi kengashi vakillari kiradi. Kengashning boshqa a’zolari umumiy majlisda (konferentsiyada) yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Professor-o‘qituvchilar tarkibidan Kengashga saylanadiganlar soni rektor buyrug‘i bilan belgilanadi.
Kengashning vakolati, uni saylash va faoliyat yuritish tartibi ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasasining Kengashi to‘g‘risida”gi Nizom bilan belgilanadi.
5.8. Institutda Vasiylar kengashi institutni boshqaruvchi jamoatchilik organi tashkil etiladi va uning tarkibiga muassis- vazirliklar, mahalliy hokimiyat, ishbilarmon doiralar, jamoatchilik tashkilotlari, jamg‘arma va vasiylar, boshqa ta’lim muassassalarining vakillari kiradi.
Vasiylar kengashining tarkibi, vakolatlari, shakllantirish tarkibi va faoliyati “Vasiylar kengashi to‘g‘risida”gi Nizom bilan belgilanadi.
5.9. Institutda kasaba uyushmasi, yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti va boshqa jamoatchilik tashkilotlari faoliyat ko‘rsatadi. Talabalar va xodimlar manfaatlarini himoyalashni ta’lim va fan kasaba uyushmalari hamda ularning institutda saylangan organlari amalga oshiradi.
5.10. Talabalar va xodimlar vakolatli organlarining huquqlari va ularga nisbatan institut ma’muriyatining majburiyatlari.
Institutning Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining maqsad va vazifalari:
– barkamol, mustaqil fikrlaydigan, o‘zining hayotiy pozittsiyasi va qat’iy e’tiqodiga ega, jamiyat hayotiga munosib o‘rin egallash, mamlakatni isloh qilish, yangilash jarayonlarida hal qiluvchi kuch va tayanch bo‘lishga qodir yoshlarni shakllantirish, ularning siyosiy madaniyatini, huquqiy savodxonligi va huquqiy ongini yuksaltirish;
– yoshlarni, xususan uyushmagan yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan va harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash,ularga tarixiy xotira, milliy g‘urur va o‘zlikni anglash, ro‘y berayotgan voqealarga daxldorlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini shakllantirish;
– yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning zamonaviy kasblarini egallashga bo‘lgan intilishini qo‘llab quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish;
– iste’dodli yoshlarni qo‘llab quvvatlash, ular o‘z ijodiy va intelektaul salohiyatlarini ruyobga chiqarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish hamda ilmiy faoliyatga jalb qilish;
– yoshlarni, xususan uyushmagan yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, ekologik madaniyatni shakllantirish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishiga keng jalb qilish;
– yoshlarni, xususan uyushmagan yoshlarni diniy-ekstremistik va boshqa buzg‘unchi tashkilotlar ta’siridan, chetdan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sir va tahdidlardan asrash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliik va jinoyatchilikni profilaktika qilish va oldini olishga ko‘maklashish va boshqalar.
Institut kasaba uyushma qo‘mitasining xuquq va burchlari:
– Institut kasaba uyushma qo‘mitasi yuridik shaxs xisoblanadi;
– u markaziy kengash tomonidan belgilangan muhr, shtamp, blanklar va banklarda o‘z xisob raqamiga ega;
– belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan yagona o‘z ramziy belgisiga ega;
– kasaba uyushmasi a’zolarining kasb va ijtimoiy xuquqlarini ximoya qilish;
– jamoa mehnat nizolarini bartaraf etishda qatnashish;
– boshqa mamlakatlar kasaba uyushmasi tashkilotlari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish;
– Institut kasaba uyushma qo‘mitasi va institut ma’muriyati orasida tuzilgan jamoa shartnomasida qayd qilingan majburiyatlarni bajarilishini ta’minlash.
Institut ma’muriyatining burchlari:
– Institut kasaba uyushma qo‘mitasi, institut yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti va institut ma’muriyati orasida tuzilgan jamoa shartnomasida qayd qilingan majburiyatlarni bajarilishini ta’minlash.
5.11. Amaldagi Nizomlarga muvofiq institutda ilmiy va ixtiyoriy jamiyatlar, ilmiy-uslubiy, ilmiy-texnik kengashlar va komissiyalar, yosh olimlar kengashi va boshqalar tashkil etilishi mumkin.
5.12. Rektorat va institut Kengashi o‘z faoliyatida Oliy ta’lim sohasida chiqarilgan barcha qonunlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmoyishlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga rioya qiladi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan chiqarilgan buyruq va farmoishlarni hamda jamoatchilik tashkilotlarining tavsiyalarini ko‘rib chiqadi va o‘z faoliyatlarida ularni hisobga oladi.
5.13. Fakultet dekani o‘z faoliyatida “Oliy ta’lim muassasasining fakulteti to‘g‘risida”gi Nizom”ga amal qiladi.
“Oliy ta’lim muassasasining fakulteti to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq fakultetda kengash tashkil etilishi mumkin.
Fakultet kengashining tarkibi, vakolatlari, shakllantirish va faoliyatining tartibi “Oliy ta’lim muassasasi fakultetining Kengashi to‘g‘risidagi nizom” bilan belgilanadi.
5.14. Kafedra faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq tanlov asosida Institut Kengashi tomonidan saylanadigan mudir rahbarlik qiladi.
Kafedra mudirining vakolatlari va kafedra faoliyatining tartibi “Oliy ta’lim muassasasining kafedrasi to‘g‘risidagi Nizom” bilan belgilanadi.
- 6. Moliya – xo‘jalik faoliyati va moddiy-texnik bazasi
6.1. Institutga ushbu Nizomda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadida operativ boshqarish huquqi bilan davlat (ta’sischi) tomonidan binolar, inshootlar, mulkiy majmualar, Institutning pasportiga muvofiq asbob-uskunalar, shuningdek, iste’mol, ijtimoiy, madaniy va boshqa maqsadlar uchun zarur bo‘lgan mulklar biriktirilgan.
6.2. Institutga jismoniy va yuridik shaxslardan sovg‘a, texnik yordam, hadya yoki vasiyat bo‘yicha berilgan pul mablag‘lari, mol-mulk va boshqa mulkiy ob’ektlarga, institut faoliyatining samarasi hisoblangan intellektual va ijodiy mahsulotlarga, shuningdek, o‘z faoliyati orqali oladigan daromadlar va bu daromadlar hisobidan sotib olinadigan mulkiy ob’ektlarga egalik qilish huquqi berilgan.
6.3. Institut mol-mulkni ijaraga oluvchi va mol-mulkni ijaraga beruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi muvofiq institut o‘ziga biriktirilgan binolar, inshootlar va ularning qismlari, asbob-uskunalar, transport vositalari shaklidagi va boshqa mol-mulklarni ilmiy kengashning roziligi bilan tasarruf etish huquqisiz, belgilangan narxlar bo‘yicha ijaraga berishni amalga oshiradi.
Ijara haqi sifatida olingan mablag‘lar ta’lim jarayonini ta’minlash va uni rivojlantirish uchun foydalaniladi.
6.4. Institutning ta’lim faoliyatini, talabalar va tinglovchilarni o‘qitish uchun belgilangan tartibda olingan to‘lov – shartnoma asosida hamda boshqa turdagi mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.
6.5. Institutning asosiy faoliyatiga zarar yetmaydigan tartibda ta’lim va boshqa sohalarda pullik xizmat faoliyatini amalga oshirishi mumkin. Institut shug‘ullanadigan tadbirkorlik faoliyati uning Nizomida belgilangan vazifalarga mos kelishi kerak.
6.6. Institut o‘z mulki bilan xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarning Nizom jamg‘armasida qatnashish, pullik ta’lim xizmatlari, konsultatsiyalar va boshqa xizmatlar uchun narxlarni belgilash, soliq va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiy to‘lovlardan so‘ng qolgan daromadni mustaqil tasarruf etish huquqiga ega.
6.7. Institut O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga hamda mazkur Nizomga zid bo‘lmagan shartnomalarni tuzish, majburiyatlar va boshqa shartlarni belgilash bo‘yicha masalalarni mustaqil hal qiladi.
6.8. Institutda lavozim maoshlari mehnat shartnomasi tuzilayotganda “Oliy ta’lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida” gi Nizom va mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga muvofiq belgilanadi. Institut xodimiga lavozim maoshi (stavka), o‘z funktsional vazifalarni hamda mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ishlarni bajarganligi uchun to‘lanadi. Qo‘shimcha maosh, ustama va boshqa moddiy rag‘batlantirish tadbirlarining hajmini institut mustaqil, ish haqi fondi doirasida qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va hajmda belgilaydi.
6.9. Institutda tashkil etilgan jamoat tashkilotlariga faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur bo‘lgan xonalarni ajratadi va ularni saqlashini nazorat qiladi.
Institut hududida joylashgan yoki institutning balansida bo‘lgan binolar hamda talaba, tinglovchi va xodimlarga xizmat ko‘rsatuvchi oshxona va boshqa umumiy ovqatlanish muassasalariga isitish, yoritish va suv ta’minoti bilan taminlangan xonalarga ajratiladi.
6.10. Institutning tegishli binolarini ta’mirlash, rekonstruktsiya qilish yoki yangilarini qurish, ularning moliyaviy ta’minoti qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
- 7. Xalqaro hamkorlik
7.1. Institut O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni”ning 33-moddasiga muvofiq ta’lim muammolari yuzasidan xalqaro hamkorlikda ishtirok etadi, chet davlatlarning tegishli o‘quv yurtlari bilan bevosita aloqalar o‘rnatish, qonun xujjatlarida belgilangan tartibda ular bilan qo‘shma o‘quv yurtlari tashkil etish hamda xalqaro aloqalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
7.2. Chet el fuqarolarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, institut ilmiy-pedagogik xodimlarining O‘zbekiston Respublikasi xududidan tashqarida o‘qituvchilik va ilmiy- tadqiqotchilik ishlari xorijiy davlatlarning ta’limni boshqarish bo‘yicha tegishli organlari orasidagi shartnomalar, shuningdek, institutning qonunchilikka muvofiq chet el fuqarolari va xorijiy yuridik shaxslar bilan bevosita tuzgan shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
7.3. Institut quyidagi huquqlarga ega:
– xalqaro nodavlat tashkilotlarga kirish;
– O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari deb qaralishi mumkin bo‘lmagan, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikdagi faoliyat to‘g‘risida belgilangan tartib asosida shartnomalar tuzish;
– xorijiy sheriklar ishtirokida institutning tarkibiy bo‘linmalari (markazlar, laboratoriyalar, texnik saroylar va boshqa bo‘linmalar)ni qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartibda tashkil etish;
– o‘zaro kelishuv va shartnomalar asosida xorijdagi xalqaro tashkilotlarda talaba va magistrlarning ta’lim olishi, tadqiqotchi va professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot va malaka oshirish safarlarini tashkil etish.
7.4. Institut professor-o‘qituvchilari, ishchi xodimlari va talabalarning chet el xizmat safarlari O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq tegishli vazirlik kelishuvi bilan amalga oshiriladi.
7.5. Institutning tashqi iqtisodiy faoliyatidan tushgan valyuta, moddiy tushumlari qonunchilikka binoan uning Nizomida belgilangan faoliyatini ta’minlash uchun ishlatiladi.
- 8. Yakuniy qoidalar
8.1. Institut O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda qo‘yidagilarga javob beradi:
– uning vakolatiga kiritilgan vazifalarni bajarmaganligi;
– ta’lim jarayonida o‘quv reja va jadvallarga muvofiq ta’lim dasturlari hajmini to‘liq bajarmaganligi;
– ta’lim jarayoni vaqtida institutda ta’lim oluvchilar va xodimlarining hayoti va sog‘lig‘i;
– ta’lim oluvchilar va institut xodimlarining huquq va erkinliklarning buzilganligi;
– O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa xatti-harakatlar.
8.2. Institut O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida qayta tashkil qilinishi yoki tugatilishi mumkin.
Institut tomonidan ishlab chiqilgan Nizom tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan tasdiqlanib, o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va kuchga kiritiladi.
Institutning Nizomiga o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar kiritish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Nizom O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2010 yil 1 iyuldagi 257-sonli buyrug‘i asosida, uning ilovasida keltirilgan “Davlat oliy ta’lim muassassasining Namunaviy Nizomi” da belgilangan tavsiyalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
Buxoro psixologiya va xorijiy
tillar institute rektori v.b. Sh. Baratov